Yh

Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar orasida shamollashga o‘xshash, ammo ich ketish va qayt qilish belgilarini keltirayotgan infeksiya tarqalayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan respirator virusli infeksiyalar har yili kuzda faollashadi. Bu yil mavsum odatdagidan biroz kech — oktyabr oxirida boshlangan.

Kasallik ba’zida yo‘tal, harorat ko‘tarilishi kabi belgilar bilan, ba’zida esa oshqozon-ichak tizimi buzilishi tarzida kechadi. Bu holat virus shtammlarining farqi bilan izohlanadi.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, bakterial va virusli infeksiyalar bir paytning o‘zida avj olmaydi, shuning uchun bu jarayon tabiiy holat hisoblanadi.

Shuningdek, kasallikni koronavirus mutatsiyasi sifatida talqin qilish asossiz — hozirda COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylangan, mamlakatda vaziyat barqaror.

Vazirlik tibbiyot muassasalarida zarur joylar va dori zaxiralari yetarli ekanini bildirdi hamda ota-onalarga farzandlarida shamollash belgilari kuzatilsa, shifokorga murojaat qilishni tavsiya etdi.

By admin