Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokidagi sammit 6-noyabr kuni Vashington shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qosim-Jo‘mart To‘qayev Donald Trampga sammitga taklif uchun minnatdorlik bildirgan. Davlat rahbari AQSH yetakchisining tashabbusini o‘z vaqtida bo‘lgan va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim qadamlardan biri sifatida baholagan.
Qozog‘iston prezidenti Trampga yo‘llagan minnatdorlik maktubida uning ichki va tashqi siyosatidagi asosiy yo‘nalishlarni, jumladan, sog‘lom fikr va an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish, shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Ushbu sammit Donald Tramp ishtirokida o‘tadigan birinchi “Markaziy Osiyo — AQSH” uchrashuvi bo‘ladi. Avvalroq, 2023-yil sentyabr oyida “C5+1” formatidagi sammit o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Jo Bayden raisligida o‘tkazilgan edi.