Rossiya osmonida Uzbekistan Airways’ga tegishli samolyot va biznes-jet xavfli darajada yaqinlashdi. Bu haqda “Aviatorshina” kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 2025-yil 29-sentyabrga o‘tar kechasi Serpuxov osmonida sodir bo‘lgan. Bodrumdan uchayotgan Embraer Legacy 650 biznes-jeti va Samarqanddan uchgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Airbus A320 samolyoti radioaloqa xatosi sababli minimal xavfsizlik masofasini buzgan.
Natijada samolyotlar o‘rtasidagi masofa 5 kilometr o‘rniga 3 kilometrgacha qisqargan, vertikal oraliq esa ming futdan 700 futga tushgan.
Shu bilan birga, to‘qnashuv sodir bo‘lmagan va ikkala samolyot ham Vnukovo xalqaro aeroportiga xavfsiz qo‘ngan.
“Rosaviatsiya” mazkur holatni aviatsiya insidenti sifatida qayd etib, tergov ishlarini boshladi. Yil boshidan buyon ushbu javobgarlik hududida to‘qqizta shunday hodisa aniqlangani ma’lum qilindi.
Avvalroq, 24-sentyabr kuni “Rossiya” aviakompaniyasiga tegishli samolyot Sheremetevo aeroportida boshqa bort bilan to‘qnashgani haqida xabar berilgandi.