Moskvada 25-sentabr kuni o‘tgan Global atom forumida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatda ilk atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha muhim ma’lumot berdi.
Xo‘jayevning ta’kidlashicha, bir maydonda ikkita yirik quvvatli (1000 MVt) reaktor va ikkita kichik (55 MVt) reaktor barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu yondashuv bir vaqtning o‘zida 2,1 GVt bazaviy generatsiya va manyovrchan quvvatlarni ta’minlash imkonini beradi.
Ma’lum qilinishicha, 2035-yilga kelib, 525 gektar maydondagi AES yiliga 15 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Loyiha mamlakat energetika diversifikatsiyasi strategiyasining asosiy tarkibiy qismi sifatida qayd etildi.
Jamshid Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yirik va kichik bloklarning kombinatsiyasi tarmoq barqarorligini mustahkamlaydi, katta bloklar barqaror bazaviy generatsiyani ta’minlasa, kichik bloklar pik yuklamalarni qoplash hamda quyosh va shamol stansiyalarining o‘zgaruvchan ishini muvozanatlashda xizmat qiladi.
Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari 2030-yilga kelib O‘zbekistonda toza energetika ulushi 40 foizdan oshishi ko‘zda tutilganini qayd etdi. Qurilishi rejalashtirilayotgan AES nafaqat “yashil” energiya manbai, balki tizim yaratuvchi obyekt sifatida ham alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.