O‘zbekistonda 5-iyundan oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun qabul boshlandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
prezident farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshirilishini eslatdi.
1-bosqichda abituriyentlar har yili
5-iyundan 25-iyungacha (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi hamda quyidagilarni tanlaydi:
Faqat test sinovida ishtirok etsa:
- fanlar majmuasi;
- taʼlim tili;
- test topshirish hududi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:
- taʼlim tili;
- test topshirish hududi;
- alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishi;
- kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida
my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:
- oliy taʼlim muassasasi;
- bakalavriat taʼlim yo‘nalishi;
- taʼlim shakli;
- tanlov ustuvorligi.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan so‘ng 10 kunda quyidagilarni tanlaydi:
- texnikum;
- kasb va mutaxassislik;
- taʼlim shakli.
Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida
“Qabul-2025” shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.