O‘zbekistonda 5-iyundan oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun qabul boshlandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi prezident farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshirilishini eslatdi.
1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyungacha (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi hamda quyidagilarni tanlaydi:
Faqat test sinovida ishtirok etsa:
fanlar majmuasi;
taʼlim tili;
test topshirish hududi.
Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:
taʼlim tili;
test topshirish hududi;
alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yo‘nalishi;
kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:
oliy taʼlim muassasasi;
bakalavriat taʼlim yo‘nalishi;
taʼlim shakli;
tanlov ustuvorligi.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan so‘ng 10 kunda quyidagilarni tanlaydi:
texnikum;
kasb va mutaxassislik;
taʼlim shakli.
Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi saytida eʼlon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy ta’lim muassasalarida “Qabul-2025” shtabifaoliyati yo‘lga qo‘yildi.