Gf

O‘zbekistonda aholi bandligi va ishsizlik hisobini yuritish tizimi takomillashtiriladi. Bu haqda tegishli hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan mehnat resurslari balansi, uni shakllantirish tartibi, bandlik va ishsizlik ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasi, shuningdek ishsizlar va norasmiy sektor xodimlarining manzilli ro‘yxatini shakllantirish tartibi tasdiqlandi.

Ma’lumotlar turli tizimlardan olinadi

Bandlik va ishsizlik ko‘rsatkichlarini hisoblashda davlat organlarining axborot tizimlaridagi ma’lumotlardan foydalaniladi.

Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligida yollanganlar va o‘zini o‘zi band qilganlar haqidagi ma’lumotlar Soliq qo‘mitasi tizimidan, yuridik shaxslarda ishlovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa “Yagona milliy mehnat tizimi”dan olinadi.

Shuningdek, xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolar, hunarmandlar, qishloq xo‘jaligi uchun yer olgan shaxslar va boshqa toifalar haqidagi ma’lumotlardan ham foydalaniladi.

Ishsizlar mahallalarda xatlov orqali aniqlanadi

Ishsiz va norasmiy band fuqarolarni aniqlash hamda ularning manzilli ro‘yxatini shakllantirish mahallalarda hokim yordamchilari tomonidan xatlov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Hokim yordamchilari har chorakda bir marta o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda ro‘yxatdagi fuqarolarning yashash manziliga borib, xatlov o‘tkazadi. Natijalar “Onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.

Manzilli ro‘yxat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “balans.mehnat.uz” elektron platformasi orqali shakllantiriladi.

Platforma davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Unga tashkilotlarda ishlovchilar, ta’lim oluvchilar, pensionerlar, tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar, hunarmandlar va xorijda vaqtincha ishlayotganlar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Har yili mehnat bozoridagi ehtiyoj o‘rganiladi

Kambag‘allik va mehnat bozori tadqiqotlari instituti har yili 1-iyulgacha ish beruvchilarning kasb, mutaxassislik va malakalarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganadi. Ushbu ma’lumotlar mehnat bozori talabidan kelib chiqib kadrlar tayyorlash va o‘qitish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda foydalaniladi.

Shuningdek, bandlik va ishsizlik hisobi Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalariga moslashtiriladi.

Hududda ishsizlik darajasi 3,5 foizdan oshmasa va bo‘sh ish o‘rinlari ish qidiruvchilarning kamida 80 foizini qamrab olsa, u “ishsizlikdan xoli” hudud deb e’tirof etiladi.

By admin