Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Andijon tumanida kichik gidroelektr stansiyalari uchun uskunalar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha davlat rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan qarori asosida amalga oshirilmoqda. Shu doirada “Andijon Jinlun yangi energiya” korxonasi tashkil etilmoqda.
Korxona to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etiladi. Loyihaning umumiy qiymati 20 million dollar bo‘lib, 2027-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Korxonada yiliga 70 milliard so‘mlik 100 ta kichik GES majmuasi, shuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgohlar va elektr jihozlari ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mahsulotlarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish ham ko‘zda tutilgan. Yillik eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Andijon viloyatidagi suv resurslari, xususan, Katta Farg‘ona kanalining barqaror suv oqimi mikro va kichik GESlarni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
“Bugungi kunda dunyoda ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab ortib bormoqda. Bu jihatdan kichik va mikro GESlar samarali yechimlardan biri hisoblanadi. Ular atrof-muhitga taʼsiri kamligi, qisqa muddatda barpo etilishi va barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarishi bilan ahamiyatlidir”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, korxona Andijon viloyatining o‘zida qator mikro GESlar qurishni ham rejalashtirgan. Bu orqali aholi va sanoat korxonalarini arzon, ekologik toza va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yilda Andijonda jami 763 ta kichik va mikro GESni ishga tushirish, ularning umumiy quvvatini 20 megavattga yetkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan.
