Chang

Toshkentda 22-sentyabr soat 21:00 dan 23-sentyabr soat 04:00 gacha harorat inversiyasi kuzatilishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Harorat inversiyasida yer yuzasiga yaqin havo sovib, undan yuqoridagi qatlam nisbatan iliq bo‘lib qoladi. Prognozlarga ko‘ra, ayrim soatlarda poytaxtda shamol tezligi sekundiga 0,5–1 metrgacha pasayadi. Natijada havoning vertikal aralashuvi sekinlashadi.

Yog‘ingarchilik kutilmayotgani sababli PM2,5 va PM10 zarrachalari yerga yaqin havo qatlamida to‘planishi mumkin.

Kutilayotgan holat tufayli soat 22:00 dan 01:00 gacha Toshkentning aksariyat hududlarida havo sifati AQI bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajagacha yomonlashishi ehtimoli bor.

Ertalabga kelib inversiya zaiflashishi va havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda.

Shu sababli kechki va tungi vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik tavsiya etildi. Atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.

By admin