Kl

15-sentyabr kuni Namangan viloyati hokimining tegishli qarorlari bilan Xondamir Oxunboboyev va Azizbek Abdusalomov hokim o‘rinbosarlari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Xondamir Oxunboboyev viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

1989-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan Xondamir Oxunboboyev 2013-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. U tayinlovga qadar “Namangan erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat muassasasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Azizbek Abdusalomov esa viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

1992-yil 17-aprelda Mingbuloq tumanida tug‘ilgan Abdusalomovning mutaxassisligi — muhandis-texnolog va iqtisodchi. U 2017–2024-yillarda Namangan muhandislik-texnologiya institutini tamomlagan.

Yangi o‘rinbosar tayinlovga qadar Mingbuloq tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

By admin