Mbn

Toshkent metropolitenida 14-sentyabr kuni yo‘lovchi tashish bo‘yicha yangi rekord qayd etildi. Shu kuni metro xizmatlaridan 1 165 550 nafar yo‘lovchi foydalandi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘lovchilar oqimining keskin oshishiga oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yilining boshlangani ham ta’sir ko‘rsatgan.

Avvalgi rekord 2026-yil 8-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda metropolitendan 1 117 061 nafar yo‘lovchi foydalangan. Yangi ko‘rsatkich avvalgi rekorddan 48 489 nafarga yuqori.

Eng katta yo‘lovchilar oqimi “Chinor”, “Sergeli”, “Choshtepa”, “Olmazor”, “Chilonzor”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Do‘stlik” va “Beruniy” bekatlarida kuzatilgan.

Oktyabrda kunlik yo‘lovchilar soni 1,2 mln nafarga yetishi kutilmoqda

Metropoliten mutaxassislari kuzatuv va tahlillariga ko‘ra, yo‘lovchilar oqimining o‘sish tendensiyasi kelgusida ham davom etishi mumkin. Xususan, oktyabr oyida kunlik yo‘lovchilar soni 1,2 mln nafarga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, 1,2 millioninchi yo‘lovchini aniqlash va unga maxsus imtiyoz yoki sovg‘a taqdim etish rejalashtirilmoqda.

Yo‘lovchilar oqimi oshib borayotgani sababli metropolitenning harakat tarkibini bosqichma-bosqich yangilash ishlari davom ettirilmoqda. Poyezdlar harakati yo‘lovchilar oqimining real holatidan kelib chiqib tezkor muvofiqlashtirilmoqda.

By admin