Qirg‘izistonning Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaradosh hududda kontrabanda maqsadlarida foydalanilgani taxmin qilinayotgan yerosti tunneli topildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, 24.kg nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish xizmati xodimlariga chegara hududida tovarlarni noqonuniy olib o‘tishda foydalanilayotgan tunnel mavjudligi haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan.
Shundan so‘ng Qadamjoy tumanining Chechelik qishlog‘idagi Mamajanov ko‘chasida joylashgan tashlandiq xonadonda tekshiruv ishlari olib borilgan. Natijada qo‘shni davlat hududiga olib boruvchi yerosti tunneli aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tunnelning chuqurligi taxminan 12 metr, kengligi esa 1,5 metrni tashkil etadi. Tunnel aynan qaysi nuqtada O‘zbekiston hududiga chiqishi va undan qachondan buyon foydalanib kelingani hozircha ma’lum qilinmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Botken viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tergov xizmati tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tunnelning noqonuniy tovar aylanmasida qo‘llanilgani haqidagi ma’lumotlar ham tekshirilmoqda.