Haftalik

Haftalik yangiliklar

    O‘zbekistonda bond omborlari orqali xorijiy tovarlarni onlayn sotish tartibi tasdiqlandi

    Mnjj

    Vazirlar Mahkamasi bond omborlari faoliyatini tashkil etish hamda ular orqali xorijdan olib kelingan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga chakana sotish tartibini tasdiqladi.

    Qaror bilan bond omborlarini tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish, shuningdek, maxsus elektron savdo platformalari orqali tovarlarni sotish mexanizmlarini belgilovchi ikkita vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

    Bond ombori nima?

    Yangi tartibga ko‘ra, bond ombori xorijdan olib kelingan tovarlar bojxona nazorati ostida saqlanadigan maxsus ombor hisoblanadi. Ushbu omborlardagi mahsulotlar keyinchalik maxsus elektron savdo platformalari orqali O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlariga chakana sotilishi mumkin.

    Bond omborlarida tovarlarni saqlash bilan birga ularni saralash, partiyalarga ajratish, qadoqlash, qayta qadoqlash va markirovkalash kabi tayyorlash ishlari ham amalga oshiriladi.

    Operatorlarga qat’iy talablar qo‘yildi

    Qarorga muvofiq, bond ombori operatori erkin ombor faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lishi, bojxona axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan elektron hisob tizimini joriy qilishi hamda kamida 15 ming kvadrat metr maydonga ega erkin omborga egalik qilishi yoki undan foydalanish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

    Shuningdek, bond omborlari Bojxona qo‘mitasi yuritadigan maxsus reyestrga kiritilgandan keyingina faoliyat boshlashi mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqish muddati 10 ish kunini tashkil etadi.

    Elektron savdo platformalari ham reyestrga kiritiladi

    Yangi tartibga ko‘ra, maxsus elektron savdo platformalari reyestrini Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadi.

    Platformalar reyestrga kiritilishi uchun onlayn nazorat-kassa tizimiga ulangan bo‘lishi, respublika bo‘ylab yetkazib berish infratuzilmasiga ega bo‘lishi yoki bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi talab etiladi.

    Tovar xaridorga qanday yetkaziladi?

    Tovarlar avvalo bond omboriga joylashtiriladi. Xaridor maxsus elektron savdo platformasi orqali buyurtma berganidan so‘ng mahsulot bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi va xaridorga yetkazib beriladi.

    Bojxona rasmiylashtiruvi yuk deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi. Tovarni ombordan chiqarishga esa barcha bojxona to‘lovlari to‘liq to‘langandan keyin ruxsat beriladi.

    Qaytarilgan tovarlar ichki bozorda sotilishi mumkin

    Hujjatga ko‘ra, xaridor qonunchilikda belgilangan tartibda mahsulotni qaytargan taqdirda, u bond omboriga emas, balki elektron savdo platformasining operatsion omboriga qabul qilinadi.

    Bunday tovarlar keyinchalik ichki bozorda qayta sotilishi mumkin. Biroq mahsulotni import qilish vaqtida to‘langan bojxona to‘lovlari qaytarilmaydi.

    Добавить комментарий

    Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *