O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida o‘zaro safarlar to‘g‘risidagi protokol imzolandi. Unga ko‘ra, ikki davlat fuqarolari endi mezbon mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmasdan 10 kungacha bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Amir Sultonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Belarusga tashrifi doirasida bir qator kelishuvlarga erishilgan. Shulardan biri fuqarolarning ikki davlat hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddatini uzaytirishni nazarda tutuvchi protokol bo‘ldi.
“Fuqarolar uchun muhim yangiliklardan biri o‘zaro safarlar to‘g‘risidagi protokol imzolangani bo‘ldi. Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lish muddati uch kundan 10 kungacha uzaytirildi”, — dedi Amir Sultonov.
Avval amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston va Belarus fuqarolari mezbon davlat hududida ro‘yxatdan o‘tmasdan uch kungacha bo‘lishi mumkin edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari Belarusga vizasiz kirish huquqiga ega.