Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda tadbirkorlarni tekshirishlar kamaydi, Soliq qo‘mitasida pasayish eng yuqori bo‘ldi

Lko

O‘zbekistonda tadbirkorlar faoliyati ustidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari soni 2026-yilning birinchi yarmida kamayishda davom etdi. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar–iyun oylarida tadbirkorlar eng ko‘p duch keladigan bir qator nazorat organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qisqargan.

Eng katta pasayish Soliq qo‘mitasida qayd etilgan. Mazkur idora tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari 8 ming 636 taga kamayib, 59 ming 725 tadan 51 ming 89 taga tushgan.

Shuningdek:

  • O‘zagroinspeksiya tekshiruvlari 437 taga kamaygan;
  • Qurilish va kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida 365 taga;
  • Adliya vazirligida 305 taga qisqargan;
  • Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasida esa nazorat tadbirlari qariyb 4,4 barobar kamayib, 64 tani tashkil etgan.

Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda xavfsizlik va aholi salomatligini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari ko‘paygani qayd etildi. Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tizimida so‘nggi ikki-uch oy davomida tekshiruvlar o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan.

Hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.

Biznes-ombudsman nazorat tadbirlari tadbirkorlarga asossiz bosim o‘tkazish vositasiga aylanmasligi kerakligini ta’kidlab, har bir tekshiruvning qonuniyligi va asoslanganligi devon tomonidan qat’iy nazorat qilinishini bildirdi.

Shuningdek, idora asossiz tekshiruvlar yoki ortiqcha ma’muriy to‘siqlarga duch kelgan tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *