Haftalik

Haftalik yangiliklar

Amir Temur va Ibn Sino obrazlari qo‘llangan dori reklamasi uchun kompaniyaga jarima solindi

Bsa

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Nika Pharm MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bunga kompaniyaning “Rinoksil Formula+” dori vositasi reklamasida tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanilgani sabab bo‘lgan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan reklama roligida Amir Temur, George Washington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy hamda Napoleon Bonapart obrazlaridan foydalanilgan.

Reklamada ushbu tarixiy shaxslar go‘yoki “Rinoksil Formula+” dori vositasidan foydalangandek tasvirlangan. Qo‘mita bunday yondashuv taniqli tarixiy shaxslar, jumladan, o‘zbek xalqining buyuk ajdodlariga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholanishi mumkinligini qayd etdi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, reklamalarda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan me’yorlariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Aniqlangan holat yuzasidan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan kompaniyaga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi talablari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Ish yakunlariga ko‘ra, kompaniyaga moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *