Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonning 5 hududida yashovchi 8 kishi terrorizmni moliyalashtirganlikda aybdor deb topildi

Htr

Toshkent shahri hamda Samarqand, Buxoro, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 8 nafar fuqaro terrorizmni moliyalashtirishda aybdor deb topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1987–1998-yillarda tug‘ilgan ushbu shaxslar Suriyada faoliyat yurituvchi G‘uroba katibasi bilan bog‘liq shaxsning hisob raqamlariga pul mablag‘lari o‘tkazib bergan.

Tergov materiallariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi Abdulmuhsin Usmonov “Telegram” messenjerida “Saad Muxtor” taxallusi ostida faoliyat yuritib, Falastindagi muhtoj musulmonlarga yordam ko‘rsatish bahonasida mablag‘ yig‘gan. DXX ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilgan pullar aslida Suriyadagi terroristik tuzilma manfaatlari yo‘lida sarflangan.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari ushbu shaxsning g‘oyaviy va psixologik ta’siriga tushib qolib, unga tegishli bank hisob raqamlariga muntazam ravishda pul o‘tkazib turgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchilarning 7 nafari 3 yildan 8 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Yana bir shaxsga esa 4 yil 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

DXX terrorizmni moliyalashtirish uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi bilan belgilanganini eslatib, ushbu jinoyat uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilganini ma’lum qildi.

Xizmat fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli xayriya yig‘imlariga mablag‘ o‘tkazishdan oldin ularning ishonchliligini sinchiklab tekshirishga chaqirdi. Ta’kidlanishicha, ayrim hollarda mablag‘larning asl maqsadi yashirilishi mumkin va qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *