Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi bir yilda qariyb 8 baravar oshdi

Ik

2026-yilning birinchi choragida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 11,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning islomiy moliyalashtirish xizmatlari bo‘yicha sharhida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 9,8 milliard so‘mga yoki qariyb 8 baravarga oshgan. O‘tgan yilning birinchi choragida islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 1,4 milliard so‘m bo‘lgan.

Hisobotga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlarning asosiy qismini “Murobaha” shartnomalari tashkil etgan. Ushbu yo‘nalishdagi xizmatlar hajmi 7,7 milliard so‘mga yetib, umumiy hajmning 69 foizini egallagan.

Shuningdek, “Muzoraba” asosidagi moliyalashtirish xizmatlari 2,1 milliard so‘mni yoki 19 foizni, “Islomiy ijara” xizmatlari esa 1,4 milliard so‘mni yoki 12 foizni tashkil qilgan.

Mijozlar tarkibida yuridik shaxslar yetakchilik qilgan. Ular tomonidan 5,2 milliard so‘mlik islomiy moliyalashtirish xizmatlaridan foydalanilgan. Jismoniy shaxslar hissasiga 2,9 milliard so‘m, yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga esa 3,1 milliard so‘mlik xizmatlar to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchi bo‘lgan. Poytaxtdagi uchta mikromoliya tashkiloti tomonidan 10,6 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, bu umumiy hajmning 94 foizini tashkil etgan.

Namangan viloyatida esa islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 670 million so‘m etib qayd qilingan.

Markaziy bankga ko‘ra, ushbu natijalar aholining va biznes subyektlarining islomiy moliyalashtirish xizmatlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini hamda mikromoliya bozorida mazkur yo‘nalish izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *