Rossiyaning Saxalin viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari holidan xabar olindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Saxalin viloyatida joylashgan 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan 11 nafar vatandosh bilan uchrashdi. Ular Rossiya Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha aybdor deb topilib, jazo muddatini o‘tamoqda.
Tashrif davomida diplomatlar mahbuslar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, turar joylar, umumiy ovqatlanish binolari hamda madaniy hordiq chiqarish xonalari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik mahbuslar bilan umumiy muloqot tashkil etildi.
Suhbat chog‘ida mahbuslarning holidan xabar olinib, jazo muddatini o‘tash jarayonida majburiy mehnat, qiynoq yoki bosim holatlari mavjud yoki yo‘qligi haqida so‘raldi. Shu bilan birga, ularning Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibida Ukraina hududida davom etayotgan harbiy harakatlarda ishtirok etishga majburlanayotgani yoki yo‘qligi ham muhokama qilindi. Vatandoshlar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirgan.
Mahbuslarning aytishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari muassasaga vaqti-vaqti bilan tashrif buyurib, jazo o‘tayotgan shaxslarni harbiy shirkatlarga jalb qilish bo‘yicha suhbatlar olib boradi. Ularga Ukraina hududidagi “maxsus harbiy operatsiya”da 6 oy qatnashgan mahbuslarning sudlanganlik holati bekor qilinishi va yuqori miqdorda oylik maosh to‘lanishi haqida ma’lumot berilishi aytilgan.
Shu munosabat bilan Bosh konsulxona xodimlari O‘zbekiston fuqarolarini chet el davlatlari harbiy tuzilmalari yoki qurolli to‘qnashuvlarida ishtirok etish qonunchilikka zid ekani haqida ogohlantirdi. Ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi tushuntirilgan.
Uchrashuv davomida mahbuslar muassasadagi sharoitlardan qoniqayotganini, biroq yaqinlarini sog‘ingani sababli jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash istagini bildirgan. Ular sud belgilagan muddatning qolgan qismini O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida o‘tash uchun amaliy yordam so‘ragan.
Bosh konsulxona xodimlari esa Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mahkumlarni jazoni o‘tash uchun o‘zaro topshirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma mavjud emasligi sababli, hozircha bunday imkoniyat yo‘qligini ma’lum qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston fuqarolariga Bosh konsulxonaning manzili va telefon raqamlari taqdim etilib, zarurat tug‘ilganda murojaat qilish mumkinligi tushuntirilgan