O‘zbekistonda 2026-yil mart oyida yengil avtomobillar savdosi 78 ming donadan oshib, oylik hisobda 19 foizga, yillik hisobda esa 20,6 foizga ko‘paydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida ma’lum qilindi.
Tahlilga ko‘ra, avtomobil bozoridagi faollik aksar hududlarda oshgan. Faqat Jizzax viloyati, Andijon viloyati va Samarqand viloyatida pasayish kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilib, savdo hajmi 51,4 foizga oshgan. Shuningdek, Toshkent viloyatida o‘sish 46 foizni tashkil etgan, Sirdaryo viloyati va Navoiy viloyatida esa mos ravishda 34,5 foiz va 27,5 foizga ko‘tarilgan. Toshkent shahrida esa bir oy ichida avtomobil bozoridagi faollik 60,5 foizga oshgan.
Birlamchi bozor o‘sishda
Mart oyida yangi yengil avtomobillar savdosi qariyb 31 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 13 foizdan ortiq oshgan. Yillik o‘sish esa 37 foizga yetgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar segmentida savdo hajmi 25 ming donaga yetib, oylik hisobda 3,8 foizga, yillik hisobda 26,5 foizga oshgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida esa o‘sish yanada yuqori bo‘lib, savdo hajmi bir oyda deyarli ikki baravar oshib, 5,7 ming donaga yaqinlashgan. Yillik o‘sish ham ikki baravardan ortiqni tashkil etgan.
Ikkilamchi bozor va elektromobillar
Ikkilamchi bozorda ham faollik oshgan. Mart oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 47,5 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga ko‘paygan. Yillik o‘sish esa 12 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, elektromobillar bozori ham o‘sishda davom etmoqda. Mart oyida ularning savdosi 5,5 ming donaga yetib, yillik hisobda 24 foizga oshgan.
Hududlar kesimida elektromobillar savdosida eng yuqori o‘sish Xorazm viloyatida qayd etilib, ko‘rsatkich 5 baravar oshgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida 2,9 baravar va Farg‘ona viloyatida 2,2 baravar o‘sish kuzatilgan.
