Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda un mahsulotlarini birja savdolariga chiqarmagan korxonalar savdodan chetlatilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra bug‘doy va un mahsulotlari faqat birja savdolari orqali sotilishi belgilangan. Ushbu mahsulotlar yuqori likvidli va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ularning realizatsiyasi doimiy ravishda nazorat qilinadi.
Shuningdek, davlat resursidagi, byudjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan bug‘doyni birjada xarid qilgan hajmdan kelib chiqib, ishlab chiqarilgan unni ham birja orqali sotish majburiy hisoblanadi. Mazkur talablarni buzganlik uchun qonunchilikda tegishli choralar ko‘rilishi belgilangan.
Shu asosda qo‘mita tomonidan 2026-yil 3-apreldan boshlab davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan unni birja savdolariga qayta chiqarmagan yoki yetarli darajada bajarmagan 29 ta korxona savdolardan chetlatildi.
Bundan tashqari, 2026-yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha ushbu tartibga rioya etmagan yana 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar qabul qilingan.
Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida davlat resursidan bug‘doy xarid qilgan korxonalar belgilangan normaga muvofiq un mahsulotlarini birja savdolariga chiqarishi shartligini yana bir bor eslatdi.