Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Yermek Kosherbayevni qabul qildi.
Suhbat avvalida mehmon davlat rahbariga Qosim-Jo‘mart To‘qayevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaqin do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasida yo‘lga qo‘yilgan faol hamkorlik aloqalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar qo‘shma hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritayotganini ta’kidladi. Tovar ayirboshlash hajmi izchil oshib borayotgani, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suv resurslaridan foydalanish sohalarida kooperatsiya kengayayotgani qayd etildi.
Uchrashuv chog‘ida iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini ko‘paytirish hamda gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kosmos va kreativ iqtisodiyot sohalarida ham hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash muhimligini ta’kidlab, xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.