Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi Toshkentdan Nurafshongacha tezyurar avtobus tizimi — BRT loyihasi konsepsiyasini ma’qulladi.
Yangi tizim Bektemir tumani (“Qo‘yliq” bozori hududi)dan boshlanib, O‘rta Chirchiq tumani va Yuqori Chirchiq tumani orqali o‘tib, Nurafshon shahrida yakunlanadi. Umumiy uzunligi 23 kilometr bo‘lgan yo‘lning 19,2 kilometri rekonstruksiya qilinadi.
Loyiha amalga oshirilgach, Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki baravar qisqarib, taxminan 30 daqiqani tashkil etadi. Natijada 150 mingdan ortiq aholining kundalik harakati yanada qulay va xavfsiz bo‘lishi kutilmoqda.
Rejaga ko‘ra, mavjud 4 tasmali yo‘l xalqaro standartlarga mos Ib-toifali magistralga aylantiriladi. Harakat tezligi 80–100 km/soatni tashkil etadi (aholi punktlarida 60 km/soatgacha). Yo‘l Toshkent qismida 12–16 tasmali, shahar atrofida 8 tasmali, Nurafshonda esa 10 tasmali bo‘ladi. Shundan ikki tasma maxsus BRT yo‘lagi sifatida ajratilib, yo‘lning o‘rtasida joylashtiriladi.
Loyiha doirasida 2 ta transport razvyazkasi, 8 ta ko‘prik, 9 ta yerosti piyodalar o‘tish yo‘li, 9 ta yopiq va iqlim nazoratiga ega bekat qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘l bo‘ylab drenaj tizimi, “aqlli” chorrahalar, LED yoritgichlar, videokuzatuv va qoidabuzarlikni aniqlovchi kameralar o‘rnatiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha qiymati 119,6 million dollarni tashkil etadi. Uni 2028-yil yakunigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, BRT (Bus Rapid Transit) — avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar orqali tezkor va tirbandliksiz harakatni ta’minlaydigan jamoat transporti tizimi hisoblanadi.