Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida Tax Free tizimi joriy etiladi

Mjo

O‘zbekistonda chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish tizimi kengaytiriladi. Bu “Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet ellik sayyohlarga QQSni qaytarish tizimi — Tax Free joriy etiladi. Chet el fuqarolari ushbu soliqni o‘z xohishiga ko‘ra naqd pulda yoki bank kartasiga qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qarorga muvofiq, qaytariladigan QQS summasining 85 foizi xaridor — chet el fuqarosiga beriladi, 15 foizi esa Tax Free tizimi operatorining xizmatlari uchun yo‘naltiriladi. Agar soliq bank kartasiga qaytarilsa, to‘lov tovar mamlakatdan olib chiqib ketilgan kundan keyin uch ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Shuningdek, chet el fuqarolariga QQSni qaytarish uchun minimal xarid qiymati 300 ming so‘m etib belgilandi. Avval amal qilgan ayrim tovarlar ro‘yxati bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinmoqda, biroq oziq-ovqat mahsulotlari bundan mustasno bo‘lib qoladi.

Mazkur tizimni kengaytirish orqali 2026–2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, Tax Free — bu xalqaro QQS qaytarish tizimi bo‘lib, sayyohlar tashrif buyurgan mamlakat fuqarosi hisoblanmagani sababli, xarid qilgan tovarlari uchun to‘langan soliqning bir qismini qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *