Sirdaryo viloyatida 2026-yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 3 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili viloyatda kambag‘allik darajasi 11,3 foizdan 6,2 foizga qisqartirilgan. Biroq ushbu ko‘rsatkich hali ham respublika o‘rtacha darajasidan yuqori ekani ta’kidlangan.
Joriy yilda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ushbu mablag‘lar hisobidan 185 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash, ishsizlik darajasini 4,6 foizgacha, kambag‘allik darajasini esa 3 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari hamda Sardoba tumani, Sayxunobod tumani, Sirdaryo tumani va Xovos tumanini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
Yig‘ilishda “Mehnatsevar ayol”, “Teng imkon – inklyuziv bandlik”, “Bir mahalla – bir mahsulot” dasturlari doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining daromad manbalarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Yo‘naltirilgan 100 million dollar hisobidan viloyatda 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 35 ta tibbiyot muassasasi hamda 18 ta sport va madaniyat obyektini to‘liq ta’mirlash topshirildi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilda Guliston shahridagi 22 ming xonadon uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shuningdek, Mirzaobod tumani, Boyovut tumani, Xovos tumani hamda Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon ham doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.
Muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish doirasida joriy yilda 349 kilometr elektr tarmoqlari qurish, 99 ta transformator o‘rnatish hamda suv tarmoqlarini kengaytirish hisobiga aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 89,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Viloyatda uy-joy qurilishi ham davom ettiriladi. 2026-yilda 3,5 ming xonadondan iborat 80 ta ko‘p qavatli uy qurish, jumladan 1,5 ming xonadonni “Yangi O‘zbekiston” massivlarida barpo etish hamda renovatsiya dasturi asosida yangi uy-joylar qurish rejalashtirilgan.