Toshkent shahri Mirobod tumanida 25-fevral kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, YPX inspektorini urib ketgan BMW M4 avtomobilini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 10-sinf o‘quvchisi boshqargan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida YPX xodimi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning hayoti xavf ostida emas. Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hodisadan so‘ng YPX inspektori vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.