Oliy sud Jizzax viloyati Zomin tumanida 2025-yil iyun oyida sodir bo‘lgan ikki yoshli bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudi 2025-yil 10-dekabrda O.T.ni Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish) hamda 266-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topgan.
Sud hukmiga ko‘ra, unga 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan birga 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Oliy sud axborotiga ko‘ra, Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026-yil 24-fevraldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Tomonlar qonunda belgilangan tartib va muddatlarda kassatsiya shikoyati berish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, hodisa 2025-yil 23-iyun kuni Zomin tumanida sodir bo‘lgan. Xorazm viloyatidan dam olish uchun kelgan oilaning ikki yoshli farzandi bedarak yo‘qolib, bir necha kun o‘tib jasadi topilgani jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.