Qozog‘istonda migratsiya rejimini buzgan 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bu haqda Olmaota politsiya departamenti ma’lum qildi.
Politsiya xabariga ko‘ra, Olmaota shahrida bo‘lish tartibini buzgan chet el fuqarolariga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilgan. “Qozog‘iston Respublikasining migratsiya qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash doirasida Olmaota shahrida bo‘lish qoidalarini buzgan O‘zbekistonning 40 nafar fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi”, deyiladi rasmiy axborotda.
Fuqarolarni olib chiqish jarayonida barcha xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda maxsus avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, ular Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasigacha yetkazilgan.
Olmaota shahar IIB migratsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i Yerkin Amantayevning ta’kidlashicha, huquq-tartibot organlari chet el fuqarolarining shahar hududida qonuniy bo‘lishini doimiy nazorat qilib boradi.
“Bizning vazifamiz — shahar aholisi xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxslarning migratsiya qonunchiligiga qat’iy rioya etishini nazorat qilishdir”, dedi u.