Polshada og‘ir moddiy va sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari elchixona va Migratsiya agentligi hamkorligida vatanga qaytarildi. Bu haqda Dunyo xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim vatandoshlar hujjatlarini yo‘qotgani sababli ishga joylasha olmagan, boshqalari esa mehnat faoliyati davomida og‘ir xastaliklarga chalingan. Shu bois ularga konsullik-huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Xususan, hujjatlarini yo‘qotib, og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan xorazmlik Y.A. Polsha huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanganidan so‘ng unga konsullik yordami ko‘rsatilib, vaqtinchalik qaytish sertifikati hamda aviachipta rasmiylashtirilgan va u O‘zbekistonga qaytarilgan. Shuningdek, hujjatlari o‘g‘irlangan qashqadaryolik fuqaroning ham vatanga qaytishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, Lodz voyevodaligining Velyun shahrida yurak xuruji oqibatida vafot etgan namanganlik fuqaroning jasadi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonga olib kelingan.
Shuningdek, Estoniyaning Tartu shahrida xizmat safari chog‘ida insultga uchragan toshkentlik Z.M. O‘zbekistonning Polsha va Latviyadagi elchixonalari, Migratsiya agentligi hamda Uzbekistan Airways ko‘magida maxsus tibbiy jihozlar va shifokorlar kuzatuvida Riga—Toshkent reysi orqali vatanga olib kelinib, shifoxonaga joylashtirilgan.
Shu bilan birga, ish joyidagi baxtsiz hodisa oqibatida oyog‘i singan andijonlik T.I. hamda miya chayqalishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan namanganlik N.A.ga zarur tibbiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan.
Ma’lum qilinishicha, elchixona diplomatlari fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini joyiga chiqib o‘rganish orqali xorijdagi o‘zbekistonliklar duch kelayotgan muammolarni tizimli hal etish choralarini ko‘rmoqda.