Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda bir yilda qaysi mahsulot va xizmatlar keskin qimmatlashgani maʼlum qilindi

Pulo

O‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda aksariyat tovar va xizmatlar narxlari 10 foizdan kam oshgan. Bu haqda Markaziy bank inflyatsiyaga oid navbatdagi tahlilida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar oyida mamlakatdagi yillik inflyatsiya darajasi 7,2 foizgacha pasaygan. Taqqoslash uchun, 2025-yil yanvarida bu ko‘rsatkich 9,9 foizni tashkil etgan. Regulyator bunday pasayishni 2024-yilda energiya narxlari erkinlashtirilishi ta’sirining yakunlanishi va umumiy narxlar barqarorlashuvi bilan izohlagan.

Tahlilga ko‘ra, 2025-yil yanvaridan 2026-yil yanvarigacha bo‘lgan davrda oziq-ovqat mahsulotlari 5,5 foizga, nooziq-ovqatlar 5,2 foizga qimmatlashgan. Xizmatlar narxi esa yillik hisobda 13,5 foizga oshgan.

Iste’mol savatidagi 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining 147 tasi (88 foiz), 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 232 tasi (92 foiz) hamda 98 turdagi xizmatlarning 66 tasi (67 foiz) bo‘yicha narx o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.

Shu bilan birga, ayrim mahsulot va xizmatlar sezilarli darajada arzonlashgan. Jumladan, bir yil davomida qovoq (57,9 foiz), baqlajon (30,5 foiz), tarvuz (27,9 foiz), shaftoli (24,5 foiz) va sarimsoq (21,1 foiz) narxi pasaygan. Nooziq-ovqatlar orasida yirik oshxona anjomlari, kichik maishiy texnika hamda A4 qog‘oz arzonlashgan. Xizmatlar ichida esa pul o‘tkazmalari, nodavlat OTMlarda o‘qish va ayrim mikromoliyaviy xizmatlar narxi tushgan.

Biroq narxi keskin oshgan mahsulot va xizmatlar ham bor. Oziq-ovqatlar orasida eng yuqori o‘sish limonda qayd etilgan — 90,8 foiz. Shuningdek, qo‘y go‘shti, mol go‘shti va karam narxi 20 foizdan ortiq qimmatlashgan.

Nooziq-ovqatlar ichida nikoh uzugi (32,6 foiz) va metan (30,2 foiz) yetakchi bo‘lgan. Xizmatlar segmentida esa avtosug‘urta narxi rekord darajada — 281,8 foizga oshgan. Trolleybusda yo‘l haqi ikki baravar ko‘tarilgan, ichki aviareyslar, haydovchilik kurslari va gaz narxida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Shu tariqa, umumiy inflyatsiya sekinlashgan bo‘lsa-da, ayrim tovar va xizmatlar bo‘yicha narxlar aholining cho‘ntagiga sezilarli bosim o‘tkazishda davom etmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *