Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan yangi raqamli platforma ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Mazkur platformada qaysi korxona qanday mahsulot ishlab chiqarayotgani, uning ishlab chiqarish quvvati, texnik parametrlari va mavjud sertifikatlari to‘liq aks ettiriladi. Tarmoq rahbarlari hamda hududiy sanoat shtablari har bir korxona mahsulotini nomma-nom va texnik tavsifi bilan platformaga kiritib boradi.
Yangi tizim orqali mahalliy mahsulot mavjud bo‘la turib, import tovar xarid qilgan davlat tashkilotlarida bunday xaridlarning qanchalik asosli ekani muntazam tahlil qilinadi. Shuningdek, davlat kompaniyalari tomonidan import qilinayotgan tovarlar, ularning hajmi va texnik ko‘rsatkichlari haqidagi ma’lumotlar har oy portalda e’lon qilib boriladi.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlariga import xomashyo va butlovchi qismlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyatlarini chuqur o‘rganish maqsadida mahalliy va xorijiy konsultantlarni jalb etish topshirildi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan olib boriladigan muzokaralarda esa loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 25–30 foizga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Mahalliy mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish uchun tashkil etiladigan alohida jamg‘arma hisobidan mahalliylashtirish loyihalariga 10 yilgacha xorijiy valyutada 6 foiz, milliy valyutada esa 12 foiz stavkada kreditlar ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, tadbirkorlarga ilg‘or texnologiyalar transferi uchun 1 million dollargacha, sanoat startaplari uchun esa 1 milliard so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
Shuningdek, endilikda davlat korxonalari muhandislari import mahsulotidan arzonroq va raqobatbardosh mahalliy mahsulot yaratgan taqdirda, tejalgan mablag‘ning 20 foizi ularga rag‘bat sifatida to‘lab berilishi qayd etildi.