Janubiy okrug harbiy sudi o‘zbekistonlik Javohir O‘tkirovni Stavropol o‘lkasi hukumat binosida terrorchilik harakatini tayyorlaganlikda aybdor deb topib, 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar berdi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, u terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etganlik, teraktga tayyorgarlik ko‘rganlik, qonunga xilof ravishda portlovchi moddalar qo‘lga kiritganlik hamda portlovchi qurilmalar yasaganlikda aybli deb topilgan.
Tergovga ko‘ra, 2023-yil 14-yanvar kuni O‘tkirov Islom davlati (ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan) harakatiga qo‘shilishga rozi bo‘lgan. Unga aholi punktini tanlash, obyektlarni razvedka qilish, shuningdek, qo‘lbola portlovchi qurilmalarni yashirin tayyorlash va saqlash uchun bino ijaraga olish vazifalari yuklatilgan.
2023-yil 8-dekabr kuni tashkilot rahbari Stavropol o‘lkasi hukumat binosini terakt obyekti sifatida belgilagan. Shundan so‘ng O‘tkirov zarur qurilma qismlarini sotib olib, portlovchi moslama yasagan. Tayyor qurilmani yashirin joyga qo‘ygan, yana ikkita to‘liq tayyorlanmagan qurilmani esa uyida saqlab kelgan. 18-dekabr kuni u qo‘lga olingan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi qattiq tartibli axloq tuzatish koloniyasida 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoga muvofiq, u dastlabki besh yilni qamoqxonada o‘taydi hamda 1 million rubl miqdorida jarima to‘laydi.
