Namangan viloyatida qalbaki kupyuralarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2005-yilda tug‘ilgan andijonlik yigit shartli xaridorga 200 dona 100 ming so‘mlik va 125 dona 200 ming so‘mlik kupyuradan iborat, jami 45 million so‘mlik qalbaki pullarni 18 million so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Uning yonidan qo‘shimcha ravishda 100 ming so‘mlik kupyuralardagi soxta 5 million so‘m ham topilgan. Shuningdek, yashash xonadonidan noutbuk, rangli printer, bo‘yoq va qog‘ozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxs avval ham xuddi shunday jinoyat uchun sudlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
