Haftalik

Haftalik yangiliklar

    “Poyezdda Buyuk Ipak yo‘li”: Britaniya kompaniyasi Pekindan Toshkentgacha hashamatli temiryo‘l turini ishga tushirdi

    Aa

    Buyuk Britaniyaning Golden Eagle Luxury Trains turoperatori “Poyezdda Buyuk Ipak yo‘li” (The Great Silk Road by Train) nomli yangi hashamatli temir yo‘l sayohatini yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Bu haqda Travel and Tour World xalqaro sayyohlik nashri xabar berdi.

    Ma’lum qilinishicha, 22 kunga mo‘ljallangan ushbu tur besh davlat — Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlarini qamrab oladi. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 3 ming 862 kilometrni tashkil etib, sayohat Pekinda boshlanadi va Toshkentda yakunlanadi.

    Tur dasturi qadimgi Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim tarixiy va madaniy maskanlari asosida tuzilgan. Xitoyda sayohatchilar Taqiqlangan shahar, Buyuk Xitoy devori, Siandagi terrakota armiyasi hamda Dunxuandagi Mogao g‘orlariga tashrif buyuradi.

    O‘zbekistonda esa marshrut YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu shaharlarda qadimiy me’moriy obidalar va Ipak yo‘li tarixiga oid ekskursiyalar rejalashtirilgan.

    Ekskursiya dasturidan tashqari, sayohatchilarga qo‘shimcha tadbirlar ham taklif etiladi. Jumladan, Gobi cho‘lida tuyalarda sayr qilish hamda Olmaotaga xususiy samolyotda parvoz qilish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, kompaniya Qirg‘iziston hududida poyezd qaysi shahar va stansiyalardan o‘tishi hamda qayerlarda to‘xtashi bo‘yicha hozircha aniq ma’lumot bermagan.

    Sayohat Golden Eagle Silk Road Express hamda kompaniyaning flagman poyezdi — Golden Eagleda amalga oshiriladi. Har ikki poyezd ham yuqori darajadagi qulaylik va hashamatni ta’minlashga mo‘ljallangan. Interyerlar tarixiy uslubdan ilhomlangan bo‘lib, hashamatli gilamlar, pardalar va yog‘och bezaklar bilan jihozlangan.

    Mazkur temir yo‘l turi narxi ikki kishilik joylashuvda bir kishi uchun 50 ming 700 AQSH dollaridan boshlanadi. Ushbu summaga yashash, ovqatlanish, ekskursiya dasturi, transferlar hamda sug‘urta xarajatlari kiritilgan.

    Yangi yo‘nalish Xitoy, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida turizmni rivojlantirish, shuningdek, noyob va eksklyuziv taassurotlarni izlayotgan badavlat sayohatchilarni mintaqaga jalb etishga qaratilgani qayd etilgan.

    Добавить комментарий

    Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *