Transport nazorati inspeksiyasining 14 ta hududiy bo‘limi xodimlariga maxsus jihozlangan avtotransport vositalari topshirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi maxsus avtotransport vositalari yordamida inspeksiya xodimlari yuk avtomobillarining vazn va hajm parametrlariga rioya etilishi ustidan yanada samarali nazorat o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, mazkur texnikalar kuzatuv kameralari, Wi-Fi tizimi, har qanday ob-havo sharoitida va istalgan hududda ko‘chma tarozilarning uzluksiz ishlashini ta’minlovchi maxsus generator, shuningdek, qoida buzgan avtotransport vositalarini vaqtincha ushlab turish uchun mo‘ljallangan boshmoqlar bilan jihozlangan.
Shuningdek, O‘zbekistonda 2026-yil 1-fevraldan boshlab umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karyerlarda foydalaniladigan maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda antikvar avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqami belgilari joriy etildi.
Xususan, umumiy vazni 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli yuk avtomobillariga I, IA, IE yoki IAE tipidagi, jismoniy shaxslarga tegishli yuk avtomobillariga esa III, IIIA, IIIE yoki IIIAE tipidagi “YUK” seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari berilishi belgilangan.
