O‘zbekistonda 2025-yil davomida ko‘p qavatli uylarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini buzish bilan bog‘liq qariyb 500 ta holat aniqlangan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.
Inspeksiya xabariga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning texnik holatini o‘rganish jarayonida 6835 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 7184 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklarning 478 tasi uylarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalari hamda asosiy tayanch devorlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday aralashuvlar binolarning mustahkamligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning texnik holatini yomonlashtirishi hamda aholi xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin.
Shuningdek, uylarning umumiy foydalanish hududlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilmalar barpo etish bilan bog‘liq 2713 ta holat aniqlangan. Ulardan 1563 tasi joyida bartaraf etilgan, qolgan holatlar yuzasidan esa sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Mas’ul idoralar ko‘p qavatli uylarda har qanday qayta rejalashtirish va qurilish ishlari amaldagi me’yorlarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozimligini eslatmoqda.