Ayubxon Rahmatullayev 29-yanvar kuni Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, viloyat hokimligida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, huquq-tartibot idoralari hamda boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda 27-yanvar kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar — xususan, davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid solayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalari, shuningdek, viloyatdagi mavjud vaziyat muhokama qilingan.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Chilonzor tumani misolida joriy etilgan yangi tizimning mazmun-mohiyati hamda ushbu tajribani Farg‘ona viloyatida samarali tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.
Yig‘ilish davomida ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangani e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.