“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, yaqin kunlarda O‘zbekistonga yana nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.
26-yanvar kuni respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida ayrim joylarda qor yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi 5–10 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
27–28-yanvar kunlari Rossiya hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi natijasida ayrim hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi. Dastlab yomg‘ir yog‘ib, keyinchalik qorga aylanishi mumkin. 29–30-yanvar kunlari esa havo massalari sharqqa tomon siljib, respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi ehtimoli bor.
Ushbu davrda havo harorati bosqichma-bosqich pasayadi: kechalari 2–5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha tushadi. Respublikaning shimoliy hududlarida kechasi 8–13 daraja sovuq, kunduz kunlari esa 3–8 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim joylarda tuman tushishi, tog‘li hududlarda esa qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkent shahrida 26-yanvar kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati kunduzi 7–9 daraja iliq bo‘ladi. 27-yanvar kuni kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 28–29-yanvar kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik kuzatilib, yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. 29-yanvarga kelib, havo harorati kechalari 1–3 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0–2 daraja iliqqacha pasayadi. Kechasi va erta tongda tuman tushishi mumkin.