Haftalik

Haftalik yangiliklar

Shaharlardagi yo‘nalishsiz taksilar uchun avtomobil yoshi 15 yil bilan cheklanishi mumkin

Tex

Shaharlarda faoliyat yuritadigan yo‘nalishsiz taksilar uchun avtomobillarning foydalanish muddati 15 yildan oshmasligi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bu talab Adliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, shaharda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan yo‘nalishsiz taksilar texnik holati va jihozlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qonunchilik talablariga to‘liq mos bo‘lishi kerak. Xususan, bunday transport vositalarining ekspluatatsiya muddati shaharda foydalanishda 15 yildan oshmasligi belgilanyapti.

Hujjatda mazkur cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish, texnik nosoz avtomobillardan foydalanishni kamaytirish hamda shahar transport xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgani ta’kidlangan. Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilarda majburiy sug‘urta mavjud bo‘lishi, elektron to‘lov tizimlari orqali haq qabul qilish imkoniyati yaratilishi hamda taksometr funksiyalarini bajaradigan maxsus ilovalar bilan jihozlanishi talab etiladi.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, shaharlarda eskirgan avtomobillarda yo‘lovchi tashish amaliyoti bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin. Bu talablar yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish va shahar transportida xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihada, shuningdek, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil etish va yopish tartibi ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar ochish, mavjudlarini o‘zgartirish yoki yopish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bunda jismoniy shaxslar, muntazam tashish bilan shug‘ullanish niyatidagi tashuvchilar hamda boshqa subyektlar yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z takliflarini kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Ushbu takliflar vakolatli organ tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni biriktirish elektron axborot tizimi orqali o‘tkaziladigan ochiq tenderlar asosida amalga oshiriladi. Tenderlarda respublika hududida ro‘yxatdan o‘tgan, tegishli litsenziyaga ega va elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tgan barcha yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin. Ochiq tenderlarni elektron shaklda tashkil etish va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *