Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi maktab direktorini mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda lavozimidan ozod qilgani uchun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, maktab direktorini ishdan bo‘shatish va yangi direktor tayinlash jarayonida mehnat qonunchiligi talablari buzilgan. Shu asosda boshqarma rahbariga ma’muriy jazo belgilangan. Shuningdek, mehnat qonunchiligini buzgan Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga ham ma’muriy jarima qo‘llangani bildirildi.
Bundan tashqari, pedagog xodimning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilgan Toshkent shahrining Uchtepa tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxsiga oid to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat ishlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
Mazkur holat Buvayda tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilarning Yangi yil bayrami va dam olish kunlarida navbatchilikka jalb etilgani haqidagi xabarlar ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktori Hasanboy Nishonov imzolagan buyruqlar skrinshotlari tarqalib, unda 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 6-yanvargacha o‘qituvchilar ikki smenada navbatchilik qilishi belgilangan edi. Buyruqda bu chora maktab hududida osoyishtalikni ta’minlash maqsadida joriy etilgani ko‘rsatilgan.
Holat keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgach, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy bayonot bilan chiqib, direktor pedagoglarga lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklagani uchun ishdan bo‘shatilganini bildirgan.
Biroq keyinchalik OAV va ijtimoiy tarmoqlarda navbatchilikka asos bo‘lgan topshiriqlar yuqori tashkilotlardan kelib chiqqani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Aniqlanishicha, ushbu tashabbus Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi darajasida ishlab chiqilib, hududiy boshqarmalar orqali quyi bo‘g‘inlarga yuborilgan.