Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazlaridan birida tahsil olayotgan abituriyentlar salomatligi yomonlashib, shifoxonaga olib kelingan edi. Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ularning ahvoli haqida rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 11-yanvar kuni mazkur o‘quv markazida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning sog‘lig‘i yomonlashgani to‘g‘risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat kelib tushgan. Bemorlar zudlik bilan Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Viloyat hokimining tezkor topshirig‘iga asosan, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev ishtirokida ishchi guruh tuzilib, hodisa joyiga yetib borilgan. Barcha bemorlar belgilangan tibbiy standartlarga muvofiq laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan.
Ko‘rilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha 20 nafar bemorning ahvoli yaxshilangan va ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berilgan. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor hamda patronaj hamshirasi biriktirilgan.
“Ayni paytda barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli, shikoyatlar mavjud emas”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Shuningdek, bemorlardan olingan qon namunalari belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgani, uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingan.