O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda havo sifatining pasayishiga sabab bo‘layotgan harorat inversiyasi 16–17-yanvargacha davom etishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mamlakatda kuzatilayotgan noqulay meteorologik sharoitlar harorat inversiyasi bilan bog‘liq. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinovning ta’kidlashicha, kunduzgi va kechki havo haroratining ayrim hududlarda 14 darajagacha keskin farq qilishi, tuman tushishi hamda shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, mazkur noqulay meteorologik holatlar 16–17-yanvarga qadar saqlanib turishi mumkin. Antisiklonlar almashinuvi natijasida yog‘ingarchilik kuzatilishi va shamol tezligi oshishi bilan atmosfera havosi sifati bosqichma-bosqich normallashishi kutilmoqda.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 8-yanvar kuni soat 09:00 holatida Toshkent shahrida PM10 mayda dispersli zarrachalar miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan oshmagan. Biroq PM2,5 zarrachalar konsentratsiyasi 101 mkg/m³ ni tashkil etib, belgilangan me’yor (60 mkg/m³)dan 1,7 barobar yuqori bo‘lgan.