So‘nggi kunlarda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda o‘zbek tilining qo‘llanilishiga cheklovlar kiritilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston TIV bilan tezkor aloqaga chiqdi.
Afg‘oniston rasmiylari ushbu xabarlar asossiz ekanini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklovlar yo‘qligini qat’iy bildirdi hamda o‘zbek xalqiga va tiliga chuqur hurmat saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Hozirda ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilayotgani, bunda shimoliy hududlar uchun, jumladan, Samangan universitetida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Afg‘oniston hukumati tomonidan Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani bildirildi.