Rossiyaning Xabarovsk shahrida “OMON” xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida o‘zbekistonlik mehnat muhojiri vafot etgani yuzasidan O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasiga rasmiy nota yubordi. Unda holatni har tomonlama xolisona va qonuniy tartibda o‘rganish talab qilingan.
Ayni paytda O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik hamda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, fuqaroning jasadini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hodisa o‘zbek jamoatchiligida keng rezonans uyg‘otdi va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ushbu holatga munosabat bildirib, vaziyat tobora og‘irlashib borayotganini ta’kidladi.
“Ishoning, vaziyat oy sayin faqat yomonlashadi. Rus maxsus xizmatlari markaziy osiyoliklarni Rossiyada kutilayotgan notinchliklarning faol ishtirokchisi sifatida ko‘rmoqda, shu sababli ulardan keladigan foydadan allaqachon kechilgan. Aqlingizni ishlating, Rossiyadan tezroq keting. Hech qanday daromad ota-onalar va farzandlaringizning ko‘z yoshiga arzimaydi”, dedi deputat.
O‘zbekiston milliy media birlashmasi Kuzatuv kengashi raisi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham mazkur fojiaga munosabat bildirib, deputat fikrlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Bugun biz yaxshi o‘qishimiz, chet tillarni bilishimiz kerak. Shundagina o‘zimizda ham, dunyoning boshqa rivojlangan va demokratik mamlakatlarida ham munosib daromad topish imkoniga ega bo‘lamiz. Tavakkal qilib shimolga borib, har kuni ajalni kutib yashash — bu, menimcha, ‘rus ruletkasi’ni o‘ynash bilan barobar”, dedi u.
Jurnalist Ilyos Safarov esa deputatning chaqirig‘i mantiqli bo‘lsa-da, masalaning ikkinchi tomoni ham borligini ta’kidladi.
“Ming afsus, oila boqish ilinjida mehnat muhojirligiga chiqqan yana bir vatandoshimizning hayoti ayanchli yakun topdi. Bu alohida holat emas, balki yillar davomida takrorlanib kelayotgan og‘riqli manzaraning navbatdagi ko‘rinishidir”, dedi u.
Jurnalistga ko‘ra, Rossiyada ochiq-oydin millatchilik va ksenofobiya kuchayib borayotgan bir paytda migrantlarni faqat chaqiriqlar bilan ortga qaytarib bo‘lmaydi.
“Vatanda barqaror ish topa olmayotgan, oila mas’uliyati yelkasida turgan erkak uchun Rossiyadagi tahqirli va xavfli muhit ham nisbatan ‘yaxshiroq’ tanlov bo‘lib qolmoqda. Odamlar Rossiyaga yaxshi hayot izlab emas, majbur bo‘lib ketmoqda”, dedi Safarov.
Uning ta’kidlashicha, mehnat muhojirlarini qaytarish uchun real yechimlar — kafolatlangan ish o‘rinlari va munosib daromad manbalari zarur. Aks holda, bunday fojialar takrorlanaveradi.
“Mehnat migratsiyasi masalasida tizimli o‘zgarishlar bo‘lmas ekan, minglab oilalar taqdiri tavakkal ostida qolaveradi. Afsuski, ‘OMON’ning potensial qurbonlari hali ko‘p”, deya xulosa qildi jurnalist.