AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi 30-dekabrdan boshlab Diversity Visa (DV) — Green Card dasturi doirasida barcha vizalar berilishi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Elchixona xabarida qayd etilishicha, DV dasturi bo‘yicha murojaatchilar vizaga ariza topshirishi hamda belgilangan suhbatlarda ishtirok etishi mumkin. AQSH Davlat departamenti suhbat sanalarini belgilashda davom etadi, biroq mazkur davrda DV vizalari berilmaydi.
Shuningdek, DV dasturi doirasida avval belgilangan suhbat sanalari boshqa sanaga ko‘chirilmasligi yoki bekor qilinmasligi ta’kidlangan. AQSH Davlat departamenti murojaatchilarni vaziyat bo‘yicha xabardor qilib borishi hamda qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan jamoatchilikka e’lon qilishi bildirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 19-dekabr kuni AQSH hukumati Green Card dasturini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan. Bu qarorga Braun universitetida sodir bo‘lgan otishma sabab bo‘lgani, gumonlanuvchi shaxs mamlakatga aynan ushbu dastur orqali kirib kelgani aytilmoqda. 13-dekabr kuni yuz bergan ushbu hodisa oqibatida O‘zbekiston fuqarosi, talaba MuhammadAziz Umurzoqov ham halok bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun, har yili dunyo bo‘ylab minglab insonlar Green Card dasturi orqali AQSHda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritadi. 2025-yilda O‘zbekiston Green Card g‘oliblari soni bo‘yicha 5,5 ming nafar bilan birinchi o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (3 ming), Tojikiston (2,9 ming) va Qozog‘iston (2 ming) qayd etilgan.