Saudiya Arabistonining Makka shahrida davolanayotgan andijonlik fuqaroni O‘zbekistonga olib kelish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shahardagi Saudi National Hospital shifoxonasida davolanayotgan bemorga kasalxona xarajatlari va uning turmush o‘rtog‘ining Makkada yashashi bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilgan.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi konsulxonasi xodimlari bemorni shifoxonadan aeroportgacha tez tibbiyot yordam avtomashinasida olib borish va samolyot bortiga chiqish jarayonlarini tashkil qilgan.
Fuqaro uchun Jidda—Toshkent yo‘nalishida aviachipta sotib olinib, u mamlakatimizga qaytarildi. Hozirda bemor davolanishni Toshkentdagi Respublika tez tibbiy yordam markazida davom ettirmoqda.