Toshkent shahar hokimining 2025-yil 25-dekabrdagi qaroriga muvofiq, poytaxtda transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari faoliyatiga oid amaldagi tartiblarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, pulli avtoturargoh zonalari joylashgan yoki ularga tutash hududlardagi mahallalarda yashovchi fuqarolarga rezident maqomi beriladi. Rezidentlar uchun maxsus avtoturargoh ruxsatnomasi joriy etilib, u orqali fuqarolar o‘z hududidagi pulli to‘xtash joylaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Rezident ruxsatnomasi bitta transport vositasi uchun beriladi. Har bir turar joy manzili bo‘yicha ko‘pi bilan ikki dona ruxsatnoma rasmiylashtirish mumkin. Ruxsatnoma bir yil muddatga amal qiladi.
Rezidentlar uchun belgilangan qulayliklardan biri — o‘z hududidagi avtoturargohlardan soat 20:00 dan 08:00 gacha bepul foydalanish imkoniyati. Soat 08:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqtda esa yillik rezidentlik to‘lovi asosida to‘lov amalga oshiriladi.
Yillik rezidentlik to‘lovi miqdori tarif zonalariga qarab belgilanadi. Jumladan, 1-tarif zonasi uchun to‘lov bir yilga 1 bazaviy hisoblash miqdori (BHM) etib belgilandi. Boshqa tarif zonalari bo‘yicha to‘lovlar alohida tartibda tasdiqlanadi.
Qaror imzolangan kundan kuchga kiradi, biroq unda nazarda tutilgan yangi tartiblar 2026-yil 1-fevraldan boshlab amalda qo‘llaniladi.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosariga rezident avtoturargoh ruxsatnomalarini berish bo‘yicha ma’muriy reglamentni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Qarorning ijrosi belgilangan tartibda nazoratga olinadi.