Haftalik

Haftalik yangiliklar

Surxondaryo ish oʻrni, aholi daromadi eng tez oʻsadigan hududga aylantiriladi

Lokk

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda viloyatni investitsiya jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlari va eksport hajmlari eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasi belgilandi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil davomida Surxondaryo viloyatiga 3 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilgan, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgan. Natijada sanoat ishlab chiqarish hajmi ikki barobarga oshib, joriy yilda 17,2 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Viloyatda charm-poyabzal, zargarlik buyumlari, qurilish materiallari va farmatsevtika kabi yangi sanoat tarmoqlari shakllangan.

2025-yilda 126 ming oila kambag‘allikdan chiqarilishi, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 5,6 foizgacha pasaytirilishi rejalashtirilgan. “To‘palang” suv omboridan quvur tortish orqali Sherobod, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida yashovchi qariyb 2 million nafar aholining ichimlik suvi bilan bog‘liq muammosi to‘liq hal etilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, boy tabiiy resurslar va mavjud infratuzilmaga qaramay, Surxondaryo viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida ayrim hududlardan ortda qolayotgani tanqid qilindi. Xususan, viloyatdagi sanoat ishlab chiqarish hajmi Sirdaryo viloyatiga nisbatan 1,5 barobar, Jizzax viloyatidan 1,8 barobar va Xorazm viloyatidan 2 barobar kam ekani ta’kidlandi. Meva-sabzavot eksporti hajmi ham Samarqand, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan past darajada qolmoqda.

Viloyat hududidagi qazilma boyliklar qiymati 600 milliard AQSh dollariga baholangan bo‘lsa-da, mazkur salohiyatning hozirgacha 10 foizi ham to‘liq ishga solinmagani qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026-yilda aniqlangan 114 ta qazilma kon zaxiralari asosida yangi loyihalarni amalga oshirish vazifasi belgilandi. Kelgusi yilda ushbu konlarda umumiy qiymati 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 milliard dollarlik qismini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Drayver loyihalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun 175 milliard so‘m ajratilishi, buning hisobiga 1 trillion 200 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilishi va 9 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

Turizm sohasida viloyatda hozirda atigi 47 ta mehmonxona faoliyat yuritayotgani, 4 va 5 yulduzli yoki brend mehmonxonalar mavjud emasligi qayd etildi. Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlarda imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, mehmonxonalar sonini oshirish, yangi turizm yo‘nalishlari va obyektlarini tashkil etish vazifalari belgilandi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60 foizi Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilib, 2025-yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda boshqa ixtisoslashgan tumanlarda eksportni oshirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi hududning mavjud imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha rejalari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Prezident hududda yo‘l infratuzilmasini ta’mirlash, uy-joy qurilishi va ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha ham tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *