Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari AQSH prezidentini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, do‘st Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Donald Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga samimiy tabriklarini yo‘llab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyat va yutuqlar tiladi.
Muloqot davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi hamda O‘zbekiston–AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan natijalarini e’tirof etib, xalqaro inqiroz va mojarolarni hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi.
Ikki tomonlama siyosiy muloqot, ayniqsa, yetakchilar darajasidagi aloqalar faollashgani mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani qayd etildi. Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa yo‘nalishlarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Amaldagi loyihalarni ilgari surish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qo‘shma investitsiya fondini ta’sis etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari AQSH shtatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan tashriflar amalga oshirdi.
Suhbatda xalqaro va mintaqaviy masalalarga ham e’tibor qaratilib, ko‘p tomonlama hamkorlik, jumladan, “C5+1” formati muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida tomonlar oliy darajadagi aloqalarni davom ettirish va amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish niyatini bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti AQSH yetakchisini o‘zi uchun qulay vaqtda mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.