Haftalik

Haftalik yangiliklar

O‘zbekistonda elektron retsept joriy etilgandan keyin dori vositalari savdosi qanday o‘zgardi?

Ju

O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept asosida berish tartibi joriy etilishi dori vositalari savdosining kamayishiga olib kelmadi. Bu haqda tahlilchi Erkin Karimov Datfo Analytics ma’lumotlariga tayangan holda LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “Elektron retsept” tizimi 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda 15 ta tajriba-sinov tuman (shahar)larida ishga tushirilgan. Dastlabki bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal dori vositalari faqat elektron retsept asosida berila boshlandi.

Tahlilchining ta’kidlashicha, nazariy jihatdan bu savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Chunki bir dorixona kuniga o‘rtacha 300 ga yaqin mijozga xizmat ko‘rsatadi, cheklarning 65 foizidan ortig‘ida retsept bilan beriladigan dorilar mavjud. Shu bilan birga, elektron retseptlar soni kuniga atigi 3–4 tani tashkil etgan.

Shunga qaramay, loyiha doirasida 300 dan ortiq dorixonada 10-dekabrgacha va undan keyingi savdo ko‘rsatkichlari taqqoslangan. Natijalarga ko‘ra, savdoda keskin pasayish kuzatilmagan. Erkin Karimovning qayd etishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bildirilgan “hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi” degan fikr amalda tasdiqlangan.

Tahlillar davomida shifokor tavsiyasisiz ham xarid qilinadigan ayrim dorilar savdosi o‘rganilgan. Jumladan, “Fanigan 100 tab.” dorisining o‘rtacha kunlik savdosi elektron retsept joriy etilgach oshgan. Antibiotiklar bo‘yicha ayrim preparatlarda o‘sish, ayrimlarida esa deyarli o‘zgarishsiz holat qayd etilgan.

Gormonal preparatlar, xususan, insulin savdosida esa kichik pasayish kuzatilgan. Tahlilga ko‘ra, bu hayotiy muhim dorilarga bo‘lgan talab ularning berilish tartibidan qat’i nazar barqaror ekanini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, tahlil natijalariga ko‘ra, elektron retsept tizimi dorixonalarda kutilgan “to‘xtash” holatini keltirib chiqarmagan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *